O‘zbekiston Afg‘oniston bilan Qo‘shtepa kanali qurilishida hamkorlik qilmoqchi

Afgʻoniston Oʻzbekiston bilan oʻzaro anglashuv asosida Amudaryodan Qoʻshtepa kanali qurilishi loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari v.b. mulla Abdul G‘ani Baradar ma'lum qildi.

«Oʻzbekiston delegatsiyasi Qoʻshtepa kanali loyihasini yakunlash, xalqaro standartlarga muvofiq Amudaryodan suv olish huquqini olish hamda imtiyoz va huquqlarni toʻliq hisobga olgan holda Oʻzbekiston Islom Amirligi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini qoʻshimcha qildi,» - deb ma'lum qildi Abdul G‘ani Baradar o‘zining Twitter’ida.

Shuningdek, u O‘zbekiston boshqa infratuzilma loyihalari qatori Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasi samaradorligini oshirish maqsadida Afg‘onistonning texnik guruhlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirganini qo'shimcha qildi.

Ma’lumot uchun: 684 million dollarga tushadigan Qo‘shtepa kanali qurilishi 2022-yilning mart oyida boshlangan. Uning uzunligi 285 kilometrni tashkil qiladi. Suv olish joyi Amudaryoning chap qirg‘og‘ida, Balx viloyatining Kaldar tumanida bo‘ladi. Kanal Afg‘onistonning uchta viloyati: Balx, Juzjon va Faryobda 550 ming gektar yerni sug‘orish uchun mo‘ljallangan.