O'zbekiston-Belorusiya hukumatlararo komissiyasining 9-yig'ilishi

Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Leonid Zayats hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.
Yig‘ilish kun tartibi doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari ko‘rib chiqildi.
Investitsiyalar sohasidagi hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari muhokama qilindi. Sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida shu yilning sentabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Belorussiya biznes Kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishildi.
IT va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Belorussiyada 2023-yilning birinchi yarmida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Belorussiya-O‘zbekiston komissiyasining 2-yig‘ilishini qatnashchilarning bevosita ishtirokida o‘tkazish, shuningdek, tasdiqlangan qo‘shma Ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik dasturini IT, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi yangi tashabbus va loyihalar bilan boyitish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Belorusiyalik hamkasblar joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va 2023-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida ishtirok etishga taklif qilindi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tadbirlar davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy protokol, shuningdek, ikki davlat Hukumat rahbarlarining o‘zaro tashriflari yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" imzolandi.






