Oʼzbekiston delegatsiyasi Haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashdi

Joriy yilning 8-yanvar kuni Jidda shahrida Oʼzbekiston delegatsiyasi Saudiya Аrabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi rahbariyati oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Muloqotda Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari boʼyicha qoʼmita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirokida oʼzaro aloqalarning istiqbollari hamda 2023-yilgi haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov Oʼzbekiston va Saudiya Аrabistoni Podshohligi oʼrtasidagi hamkorlik bosqichlari, haj va umra tadbirlarini tashkil etish rivojlanib borayotgani, soʼnggi yillarda ikki mamlakat oʼrtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil avgust oyida ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Аbdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Аrabistoniga borishi hamkorlik munosabatlarini yanada yuksak darajaga koʼtarishga xizmat qilayotgani alohida qayd etdi.

Shuningdek, Muzaffar Komilov Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiaga nufuzli anjumanga taklif etgani va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrif natijasida hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish asosiy maqsad ekanini maʼlum qildi.

Vazir Saudiya Аrabistoni fuqarolari uchun Oʼzbekistonga safar qilishda vizasiz tizim joriy etilgani juda katta yengillik ekanini taʼkidlash barobarida ushbu imkoniyatlarni Saudiya Аrabistonida keng targʼib etish yaxshi natija berishini bildirdi.

Muzokaralarda Madina shahridagi Paygʼambarimiz Muhammad Sollallohu alayhi vasallam siyratlariga oid innovatsion muzey kabi Samarqand viloyati Imom Buxoriy majmuasida ham mazkur buyuk muhaddis hayoti va ijodiga bagʼishlangan muzey barpo etish ishlari jadal davom ettirilayotganini bayon qilindi. Oʼz navbatida vazir janoblari ushbu muzeyning ochilish marosimiga borish niyatida ekanini maʼlum qildi.