O'zbekiston-Hindiston hukumatlararo komissiyasining 13-yig'ilishi

Joriy yilning 28-iyul kuni Dehli shahrida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 13-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Hindiston Respublikasi temir yo'llari, savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal raislik qildi.

Muloqot chog'ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish bo'yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish doirasida O'zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o'rtasida Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim loyihasini kelishishni jadallashtirishga kelishildi.

Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari ko'rib chiqildi. Ayni paytda O'zbekistonda Hindiston hamkorlari bilan birgalikda ta'lim, IT-texnologiyalar, sog'liqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari, to'qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod 85 dan ortiq qo'shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Tadbir davomida savdo-sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirishning muhim sharti sifatida transport jihatidan o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash istiqbollari ham muhokama qilindi. Shuningdek, "Shimoliy-Janubiy" tashabbusi doirasida to'g'ridan-to'g'ri va tranzit yuk tashishni hajmini oshirish, logistika infratuzilmasini, multimodal transport koridorlarining mintaqaviy tarmog'ini rivojlantirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida Hindiston - Markaziy Osiyo transport vazirlari uchrashuvini o'tkazishga kelishildi.

Tadbir yakunida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 13-yig'ilishi bayonnomasi imzolandi. Unda tadbir davomida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar o'z ifodasini topdi.