O‘zbekiston kelgusi yetti yilda metan chiqindilari hajmini 30 foizga kamaytiradi

O‘zbekistonda 2030-yilga borib metan chiqindilari hajmi 30 foizga kamaytiriladi. Bu haqda BMTning 30-mart kuni Nyu-Yorkdagi qarorgohida boʻlib oʻtgan Bosh assambleyaning yuqori darajadagi majlisida ishtirok etgan Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov maʼlum qildi.
Alixonov oʻz nutqi davomida atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va 2030 yilgacha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi qabul qilingani, ularda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish hamda olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni 100 foizga yetkazish, hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish, shuningdek, “aylanma iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Unga koʻra, mazkur chora-tadbirlar maishiy chiqindilarni poligonlarga tashlash hajmini 60 foizgacha kamaytirish, 200 dan ortiq chiqindi poligonlari yerlarini to‘liq o‘zlashtirish, yashil hududga aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston 2022 yilda Metan chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha global majburiyatlarga qo‘shilgani va 2030 yilga borib ularning hajmini 30 foizga kamaytirishni maqsad qilgani ma’lum qilindi.






