O'zbekiston-Latviya munosabatlari o'zaro manfaatli hamkorlik yo'lida

Joriy yilning 21 aprel kuni iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Latviya hukumatlararo komissiyasining sakkizinchi yig'ilishi videokonferentsiya shaklida bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xo’jaev tadbirni ochar ekan, Latviya Yevropa davlatlari orasida O'zbekistonning asosiy va eng faol savdo sheriklaridan biri ekanligini ta'kidladi.

Konferentsiyada savdo-iqtisodiy, turizm, ta'lim, transport va logistika sohalarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalar, standartlashtirish va fitosanitariya, shuningdek qishloq, o'rmon va chorvachilik sohalarida hamkorlik va investitsiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko'tarildi.

Yaqinda O'zbekiston tomonidan olingan Yevropa Ittifoqining imtiyozli "GSP +" tariflari tizimining benefitsiar-davlati maqomi o'zaro tovar ayirboshlash hajmining oshishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.

O'zbekiston tomoni ko'p tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Hukumatlararo hamkorlik to'g'risidagi Bitim loyihasini ishlab chiqdi. Kelajakda loyiha Latviya tomoniga ko'rib chiqish uchun taqdim etiladi.