O'zbekiston Prezidenti va Germaniya Bosh Kansleri videokonferensiya shaklida muzokaralar o'tkazdilar

Bugun, 12 mart kuni, kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

O'zbekiston va Germaniya rahbarlari sammitining kun tartibiga dunyodagi og'ir epidemiologik vaziyat tufayli inqiroz kuchayib borayotgan sharoitda mamlakatlar o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari kiritilgan.

O'zbekiston Prezidenti va Germaniya kansleri ikki yil oldin Berlin shahrida bo'lib o'tgan yuqori darajadagi uchrashuvlar chog’ida erishilgan kelishuvlarni birgalikda amalga oshirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda barqaror dinamikani ta'minlayotganligini chuqur mamnuniyat bilan ta'kidlab o’tdilar.

Davlatimiz rahbari Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatiga demokratik o'zgarishlarning yangi yo'nalishini doimiy ravishda qo'llab-quvvatlab kelayotganligi, shuningdek respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga moliyaviy va texnik yordam dasturini kengaytiraytirayotganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Iqtisodiy o'zaro munosabatlar masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Germaniya an'anaviy ravishda O'zbekistonning asosiy texnologik va investitsiyaviy sherigidir.

Uchrashuvda qo'shma loyihalar, ishbilarmonlik aloqalari va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, shuningdek, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va O'zbekistondagi bank institutlari faoliyatini kengaytirish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Joriy yilning may oyida O'zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishida avvalo, sanoat klasterlarini rivojlantirish, raqamlashtirish va "yashil iqtisodiyot", qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surish kabi sohalarda hamkorlikning yangi yo'nalishlarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga kirish masalalari bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurash va gender tengligi kabi ustuvor yo'nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi ta'kidlandi.