O‘zbekiston - Qirg‘iziston: 10 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan

Bugun, 25-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Torobayev boshchiligida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumat delegatsiyalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ishtirok etdi.
Oliy darajadagi tashrif doirasida “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi.
Unda ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq yetakchi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Forum doirasida yalpi majlis va panel sessiyalar, shuningdek, B2B formatidagi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkaziladi, ular natijasida 10 dan ortiq ikki tomonlama bitimlar va investitsiya shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklarini ishga solish orqali sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda o‘zbek va qirg‘iz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda muhim vositaga aylangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati alohida muhokama qilindi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari, kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari alohida koʻrib chiqildi.
Temir yoʻl va avtomobil yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishni nazarda tutgan holda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi. Energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.






