O‘zbekiston - Qirg‘iziston: 6 yilda ikki tomonlama savdo 8 barobar oshdi

24-yanvar kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi doirasida Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev va iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashdi.
Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Toroboyev bilan suhbat chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirgʻiziston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifining ahamiyati taʼkidlandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar forum davomida imzolanishi rejalashtirilgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari roʻyxatini sinxronlashtirdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib borayotgani taʼkidlandi. So‘nggi 6 yil ichida ikki tomonlama savdo 8 barobar oshib, 2022-yilda 1,3 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qator aniq amaliy choralar koʻrishga tayyorlik bildirildi.
Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiev bilan uchrashuvda tijorat avtomobillari va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, yigiruv va to‘qimachilik korxonalarini qurish va kengaytirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini tayyorlash masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini hayotga tatbiq etishni nazarda tutgan holda energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.






