Oʼzbekiston - Qirgʼiziston fuqarolari endi ikki davlatga ID-karta orqali oʼtishlari mumkin

Shavkat Mirziyoevning Qirgʼizistonga davlat tashrifi davomida 2006-yil 3-oktabrda imzolangan Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʼiziston Respublikasi Hukumati oʼrtasida imzolangan fuqarolarning oʼzaro borib-kelishlari toʼgʼrisidagi Bitimga oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida Bayonnoma ham almashinildi.
Unga koʼra, endilikda Oʼzbekistonning barcha fuqarolari Qirgʼizistonga, xuddi shunday Qirgʼiziston fuqarolari Oʼzbekistonga ID-karta orqali kirishlari mumkin boʼladi (ilgari faqat xorijga chiqish pasporti bilan mumkin edi).
Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi maʼlumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.
Ushbu yengillik istalgan transport orqali (samolyot, poyezd, avtomobil, avtobus va boshqalar) chegarani kesib oʼtishda amal qiladi.
Mazkur tartib imzolangan hujjatlar ikkala davlat tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangandan soʼng kuchga kiradi. Ta’kidlanishicha, bu taxminan 1-2 oy vaqt olishini mumkin.
P.S. Bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali oʼzaro qatnov tartibi yoʼlga qoʼyilmagan edi. Qirgʼiziston birinchisi boʼldi.






