O'zbekiston-Qirg'iziston tashqi siyosat idoralari o'rtasida hamkorlik dasturi qabul qilindi

Bugun, 3-noyabr kuni Bishkek shahrida O'zbekiston Respublikasi va Qirg'iz Respublikasi o'rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo'lib o'tdi. Tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov va Jeenbek Kulubayev boshchiligidagi delegatsiyalar O'zbekiston-Qirg'iziston o’rtasidagi ikki va ko'p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda, O'zbekiston Respublikasi va Qirg'iz Respublikasi o'rtasida Davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo'yicha fikr almashildi. Tenglik, o'zaro manfaat va yaxshi qo'shnichilik tamoyillari asosida Davlat chegarasini kesib o'tish liniyasini huquqiy rasmiylashtirishni yakunlash ikki mamlakat va butun Markaziy Osiyo manfaatlariga javob berishi ta'kidlandi.
Birgalikda yirik infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish, jumladan, "Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston" temir yo'lini qurish masalalari alohida muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar yo'nalishda qator qo'shma tadbirlarni o'tkazish yuzasidan fikr almashinildi.
O'zbekiston delegatsiyasining Bishkekga tashrifi doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
O'zbekiston-Qirg'iziston Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to'g'risidagi shartnoma;
Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to'g'risidagi Bitim;
O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi va Qirg'iz Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Suv resurslari xizmati o'rtasida suv xo'jaligi masalalari bo'yicha hamkorlik to'g'risida Bitim;
Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Qirg'iz Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya o'rtasida hamkorlik Shartnomasi;
"O'zarxiv" agentligi va Qirg'iz Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi o'rtasidagi hamkorlik Memorandumi.
Shuningdek, tashqi ishlar vazirlarining Qo'shma bayonoti hamda 2023-2024 -yillarda O'zbekiston Respublikasi va Qirg'iz Respublikasi tashqi siyosat idoralari o'rtasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.






