O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vaziri davlat va vazirlik stipendiyasi g'oliblari bilan uchrashdi

Bugun, 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qishloq xo‘jaligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarinining davlat va vazirlik stipendiyasi g‘oliblari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida stipendiya sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Erkin va samimiy ruhda o'tgan uchrashuvda Toshkent davlat agrar universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti va Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti stipendiyantlari ishtirok etdilar.

Mazkur oliy ta’lim muassasalarida bugungi kunda, jami 29 032 nafar talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Ulardan 27 730 nafari bakalavr va 1302 nafari esa magistratura bosqichlarida o‘qimoqda.

Joriy yilda, ilk marotaba o‘tkazilgan, agrar soha oliy ta’lim muassasalari talaba va magistrlari uchun ta’sis etilgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi tanlovida vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalaridan jami 116 nafar talaba-yoshlar ishtirok etib, ikki bosqichli tanlov natijalariga ko‘ra, komissiya qarori bilan ishtirokchilarning 16 nafari yakuniy bosqichda g‘olib bo‘lib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi g‘olibi bo‘ldilar.