O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti bilan sanoat mahsulotlari ko'rgazmasiga tashrif buyurdi

Davlat rahbarlari Toshkentdagi texnoparkga tashrif buyurib, ko'rgazmada namoyish etilayotgan sanoat, qishloq xo'jaligi va hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishdilar.
Ko'rgazmada mamlakatimizning 24 ta sohasi va 14 ta hududi tomonidan ishlab chiqarilgan mingdan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etildi. Toshkent shahridagi texnopark - bu davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-maydagi "Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo’lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan zamonaviy majmuadir. Bu yerda jami 365 million dollarlik qiymatga ega 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg'iziston ham yuqori sanoat salohiyatiga ega ekanligini, uni amalga oshirish uchun O'zbekiston hamkorlikni yo'lga qo'yishga va tajriba almashishga tayyor ekanligini ta'kidlab o’tdi. Soha rahbarlariga qirg'izistonlik hamkasblar bilan yaqin aloqalarni o'rnatish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish choralarini ko'rish bo'yicha ko'rsatma berildi.
O'zbekiston xalqi nomidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tez yordam mashinalari Qirg'izistonga sovg'a qilindi. Sadir Japarov O’zbekiston tomonidan ko’rsatilayotgan doimiy yordam va qo’llab-quvvatlashlar, birodarlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalariga sodiqlik uchun minnatdorchilik bildirdi.