O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Bugun, 24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi boʼlib o’tdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirgʼiz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumedien Gennad, Qozogʼiston Respublikasi elchisi Beybut Аtamkulov, Аmerika Qoʼshma Shtatlari elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, Oʼzbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.

Mamlakatimizda Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq kuchli demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish qaratilgan keng koʼlamli va muqarrar tus olgan islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

– "Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qoʼyganmiz Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulugʼvor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq boʼlishi kerak", - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillari boʼlgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida toʼxtalib oʼtdi.