O'zbekiston - Rossiya: kelishuvlarni amaliy amalga oshirish

Joriy yilning 14 aprel kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o'rinbosari A. Overchuk o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuv chog’ida tomonlar investitsiya, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi mavjud kelishuvlarni amalga oshirish hamda ko'p qirrali hamkorlikning kun tartibini muhokama qildilar.

Tomonlar hukumat darajasidagi ikki tomonlama aloqalar faolligini yuqori baholadilar va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining barcha ustuvor yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlikni izchil mustahkamlashdan o'zaro manfaatdorligini ta'kidladilar.

Rossiya ishbilarmon doiralarining O'zbekiston bozoriga bo'lgan qiziqishi tobora ortib borayotganining yorqin misollaridan biri bu "INNOPROM. O'zbekistonda katta sanoat haftaligi " Xalqaro sanoat ko'rgazmasining Toshkent shahrida o’tkazilganligi bo’ldi. Uch kun ichida ko'rgazmani Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belorussiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Armaniston va boshqa mamlakatlardan 10 ming kishi tashrif buyurdi va natijada ishtirokchi mamlakatlar o’rtasida umumiy qiymati 3 mlrd. dollarga teng bo’lgan investitsiya shartnomalari va savdo shartnomalari tuzildi.

Xulosa qilib, tomonlar ilgari erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda yaqin o'zaro hamkorlik O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi ko'p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashiga umid bildirishdi va belgilangan yo'nalishlar doirasidagi amaliy hamkorlikning ustuvor vazifalarini belgilab olishdi.