Oʻzbekiston-Singapur Savdo-sanoat palatasini tashkil etish masalasi ko’rib chiqildi

Bugun, 16-yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ushbu mamlakat savdo va sanoat vaziri Gan Kim Yong bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Singapurga bo‘lajak davlat tashrifining tarixiy ahamiyati ta’kidlandi.
“Shu kunlarda ro‘y berayotgan voqealar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni barcha sohalarda yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki bo‘lib, O‘zbekiston – Singapur munosabatlari tarixida mutlaqo yangi sahifa ochadi”, – dedi Gan Kim Yong.
“Biz iloji boricha ko'proq korxonalar O'zbekistoning va uning ulkan salohiyatini haqida bilishini istaymiz. Buning uchun mamlakatingizga yangi investorlarni jalb etishda doimiy yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Shuningdek, biz O‘zbekiston tovarlarining Janubi-Sharqiy Osiyo va butun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqishi uchun ko‘prik bo‘la olamiz”, – deya qayd etdi Singapur savdo va sanoat vaziri.
Uchrashuvdan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa, davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Singapur Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo memorandum imzolandi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston-Singapur Savdo-sanoat palatasini tashkil etish va biznes-inkubatorlarni rivojlantirish boʻyicha Singapur tajribasini Oʻzbekistonga jalb etishni belgilovchi qator kelishuvlar qabul qilish masalasi kelishib olindi.






