O’zbekiston Stokgolmdagi xalqaro tadbirda ishtirok etdi

Joriy yilning 1-3 - iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Stokgolm shahrida (Shvetsiya) bo‘lib o‘tgan “Stokgolm+50: Butunjahon farovonligi uchun sog‘lom sayyora – bu bizning masʼuliyatimiz va imkoniyatimiz” Xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi.
Ushbu tadbirda 137 mamlakatdan delegatsiyalar, shu jumladan 6 davlat rahbarlari, 3 hukumat rahbarlari, 128 davlatdan vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, BMT tarkibiy bo‘linmalari va ko‘p tomonlama ekologik konvensiyalar rahbarlari qatnashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, qattiq chiqindilarni boshqarish, ekologik muvozanat va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish borasidagi asosiy yutuqlariga eʼtibor qaratdilar. Xususan, “Raqamli davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi” mavzusidagi alohida sessiyada O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov nutq so‘zladi. U nutqida O‘zbekistonda boshqa tadbirlar bilan bir qatorda, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va mintaqada ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish hisobiga Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, Stokgolm forumi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Birlashgan millatlar tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha dasturi rahbariyati, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya kotibiyati (YOHKTSK), Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi (TMXI), YEOK atrof-muhit bo‘yicha Boshqarmasi, Global ekologiya jamg‘armasi (GEJ), Shvetsiya atrof-muhit agentligi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha direksiyasi (IHTT), Shvetsiya chiqindilarni boshqarish assotsiatsiyasi, Shvetsiya atrof-muhit instituti, shuningdek, turli mamlakatlar delegatsiyalarining bir qator vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.






