O'zbekiston suv ta'minoti muammolarini hal qilish uchun Ispaniya bilan hamkorlik qiladi

Bugun qo'shma biznes-forum doirasida O'zbekiston va Ispaniya suv ta'minoti, pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish sohalarida ikki tomonlama shartnomalar imzoladilar.

Ikki o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
"Birinchi memorandum Ispaniyaning IDOM kompaniyasi va"O'zsuvta'minot" korxonasi o'rtasida imzolandi. Ushbu loyiha aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashni yaxshilashga qaratilgan. Bugungi kunda O'zbekiston aholisining atigi 70% toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega va O'zbekistonning Ispaniya bilan qo'shma loyihasi tufayli ushbu muammoni hal qilish mumkin bo'lishi kutilmoqda.

Ikkinchi memorandum Ispaniyaning Wes komapniyasi va O'zbekiston pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi o'rtasida imzolandi.
Mazkur sektorda O'zbekiston katta salohiyatga ega. Ispaniya kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida ushbu sohalarda ishlab chiqarishni rivojlantirish va sifatni yaxshilash uchun yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan", - ma'lum qildi Bright Uzbekistan'ga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi bosh mutaxassisi Sherzod G'ulomov.

Forum ishida O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o'rinbosari Oybek Hamrayev hamda Ispaniya sanoat, savdo va turizm vazirining o'rinbosari Shiana Mendes ishtirok etdi.

"2017-yilda O'zbekiston va Ispaniya o'rtasida sanoat-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiya tuzish to'g'risida memorandum imzoladik. Bugun Toshkentda ushbu komissiyaning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tmoqda. Muhokamalardan so'ng biz 250 million yevrolik moliyaviy protokol bo'yicha kelishuvga erishdik. Umid qilamanki, bu hamkorlik ikkala mamlakat iqtisodiyotiga ham katta foyda keltiradi."- dedi Shiana Mendes.

Shuningdek, forum doirasida Ispaniya kompaniyalarining 40 dan ortiq vakillari va O'zbekiston biznesining 100 ga yaqin vakillari ishtirokida B2B uchrashuvlari tashkil etildi.