O'zbekiston tibbiyot muassasalariga dori-darmonlar uchun qo'shimcha 165 mlrd. ajratiladi

2021-yil 15-iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga dori-darmon va tibbiyot buyumlarini olish uchun ajratilgan mablag'lar miqdorini oshirish ko'zda tutilgan.

Ushbu maqsadlar uchun 2021-yilda investitsiya loyihalarini optimallashtirish hisobiga 165 milliard so'm mablag ' ajratiladi.
Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sog'liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora–tadbirlar to'g'risida" gi qarorida (№ PQ-5124, 25.05.2021 y.) so'z yuritiladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq sog'liqni saqlash tizimining barcha tashkilotlari rahbarlarining faoliyatini baholash reytingi joriy etilmoqda. Uning natijalari har chorakda Prezident ma'muriyati va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
2021-yilning 1-oktabriga qadar joylarda, ayniqsa, olis va borish qiyin bo'lgan tumanlarda aholining manzilli profilaktikasi va skrining ishlarini tashkil etish uchun zarur bo'lgan uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 tajribali namunalari tashkil etiladi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab besh yildan kam ish tajribasiga ega bo'lgan tibbiyot xodimlarining nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog'liq talablar davlat tibbiyot muassasalarida belgilangan talablarga tenglashtiriladi.

Shuningdek, 2021-2022-yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 91 filiali tashkil etiladi.

2021/2022 o'quv yilidan boshlab maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablarida to'g'ri ovqatlanishni yo'lga qo'yish maqsadida yangilangan ovqatlanish ratsioni va ushbu yo'nalish bilan shug'ullanadigan tadbirkorlik subyektlariga qo'yiladigan talablar amaliyotga joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablar hududida bolalar salomatligiga zarar etkazadigan va ularning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga cheklovlar qo'yilmoqda.