O‘zbekiston turizm salohiyati BBC va CNNda targ‘ib qilinadi

40 dan ortiq tilda faoliyat yuritadigan, 23 mingdan ortiq xodimga ega dunyodagi eng yirik yangiliklar teleradiokompaniyasi hisoblanadigan BBC va Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarini qamrab olgan CNN telekanalida O‘zbekistonning boy turizm salohiyati targ’ib etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov Britaniyaning “BBC World News Eurasia” korporatsiyasi tijorat xizmati rahbari, “Dars films” bosh prodyuseri Sergey Stanovkin bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazdi. U, shuningdek, CNN korporatsiyasining Osiyo hamda Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Imron Ahmad bilan ham uchrashdi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda vazirlik BBC bilan birgalikda “BBC World News” korporatsiyasining xalqaro telekanali va uning axborot portalida mamlakatning boy turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida reklama kampaniyasini boshladi.
Uchrashuvda, BBC bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, 2023-yilda qo‘shma PR kampaniyasini davom ettirish, Britaniya radioeshittirish korporatsiyasining axborot platformalarida O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy tarixi, madaniyati va an’analarini targ‘ib qilish bo‘yicha loyiha va tadbirlarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
CNN korporatsiyasining Osiyo hamda Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Imron Ahmad bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilish bo‘yicha reklama kampaniyasini amalga oshirish bo‘yicha telekanal bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha CNN telekanali bilan qoʻshma uzoq muddatli PR kampaniyasini amalga oshirish, shuningdek, korporatsiyaning axborot platformalarida Oʻzbekistonning turizm salohiyati, boy tarixi, madaniyati va anʼanalarini targʻib qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.






