O'zbekiston-Turkiya: adliya sohasida o'zaro hamkorlik

O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov Turkiyaning O'zbekistondagi elchisi O.Bekar bilan uchrashdi. Avvalo vazir elchini tayinlanishi bilan tabrikladi va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Turkiya elchisi O. Bekar, o'z navbatida, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlarni yuqori baholadi, Adliya vazirligining yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshiruvchi davlat organi sifatida islohotlarni amalga oshirishni qo'llab-quvvatlashdagi hissasini ta'kidladi.

Uchrashuv davomida vazir mehmonlarni vazirlik faoliyatining ustuvor yo'nalishlari bo’yicha asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek so'nggi yillarda huquqiy sohada olib borilgan islohotlar va istiqboldagi rejalari bilan tanishtirdi.

Turkiya elchisi O. Bekar har ikki mamlakat adliya idoralari o'rtasidagi o'zaro o'xshashliklarni ta'kidlab, vazirlik bilan o'zaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilish va qo’llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, bu yo'nalishda kadrlar va tajriba almashinuvini yo'lga qo'yishni taklif qildi.

Adliya vaziri ushbu taklifni qo'llab-quvvatladi va O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan imzolangan anglashuv memorandumida ko'rsatilgan qoidalarni o'zaro amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishdilar.