O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish

15-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Xususan, joriy yilning besh oyi yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga ortdi. O‘zbekistonda Afg‘oniston sarmoyasi ishtirokida 160 ta yangi korxona tashkil etildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash barobarida Afg‘onistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini, xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘li va yangi “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihalarini yanada ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.