O'zbekiston va Janubiy Koreya o'rtasida erkin savdo yo'lga qo'yilishi mumkin

O'zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o'rtasida Erkin savdo to'g'risidagi Bitim yuzasidan kelishish jarayoni doirasida muzokara guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo'lib o'tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o'rinbosari Badriddin Abidov hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligining erkin savdo shartnomalari masalalari bo'yicha Bosh direktori Yang Gi Uk boshchiligidagi muzokara guruhlari o'rtasida bo'lib o'tdi.
Qayd etilishicha, muzokaralar davomida tomonlar bozorlarni liberallashtirish darajasi va bitim tuzish formatini qayta ko'rib chiqish masalasini muhokama qilishgan.
Shuningdek Janubiy Koreya tomoni JSTga qo'shilishi jarayonida O'zbekistonning faol sa'y-harakatlarini qo'llab-quvattlab, O'zbekiston ushbu Tashkilotga a'zo bo'lishi bo'yicha Ishchi guruhining 6-yig'ilishini o'tkazishda yordam berishga tayyorligini ta'kidlagan.
O'zbekiston va Janubiy Koreya tomonlari o'rtasida bozorlarni liberallashtirish darajasi va Erkin savdo bitimini tuzish formatini belgilash bilan bog'liq masalalarni hal etish bo'yicha ekspert guruhlari ishini faollashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.






