O‘zbekiston va Misr yetakchilari OAVga bayonot berdilar

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdilar.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar - Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.

“Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida, balki strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etishni maqsad qilganmiz”, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Davlatimiz rahbari yana bir bor Misr kompaniyalari mamlakatimizda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga ahdlashib olindi.

Davlatimiz rahbari nutqining yakunida O‘zbekiston-Misr sammitining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni do‘st xalqlarimiz farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bag‘ishlashiga qat’iy ishonch bildirdi.