O'zbekiston va OIS o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari belgilandi

Joriy yilning 15-avgust kuni Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) davlatimiz rahbari tashrifi arafasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Hisseyn Braxim Taha bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda tomonlar O'zbekiston va OIS o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari to'g'risida fikr almashdilar.
O'zbekiston vakillari tomonidan OISning Islom olamining istiqbolli mintaqalararo va xalqaro tashabbuslarini muvaffaqiyatli ilgari surayotgan, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda Tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasidagi munosabatlarning faol rivojlanishini ta'minlaydigan nufuzli xalqaro hukumatlararo Islom tashkilotlaridan biri sifatida ahamiyati qayd etildi. "Islom – tinchlik va taraqqiyot dini" tamoyiliga asoslangan samarali muloqot platformasi sifatida OISni yanada rivojlantirishni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
O'zbekiston bugungi kunda OISning roli va ahamiyatini mustahkamlashga ijobiy hissa qo'shishda davom etayotgani ta'kidlandi. Tashkilot rahbariyati ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida O'zbekiston bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida OIS va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan amaliy hamkorlikni faollashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, tomonlar "Xiva – OIS 2024 sayyohlik poytaxti" tadbirlarini tashkil etish doirasida Hamkorlik to'g'risidagi bitim yuzasidan kelishish va tasdiqlashni tezlashtirishga kelishib oldilar.






