O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro savdo hajmini oshiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari, qator vazirlik va viloyatlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Tomonlar o‘zaro strategik sheriklikni chuqurlashtirish borasida birgalikda ishlashga qat’iy intilishini bildirdilar. Mamlakatlarimiz o‘rtasida tuzilgan Chegara to‘g‘risidagi shartnoma qardosh xalqlarimiz tomonidan ko‘tarinki ruh bilan qabul qilingani ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi. Bu, birinchi navbatda, o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirishdir.
Sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklif qilindi. Avtomobillar, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash shular jumlasidan.
Mamlakatimiz yetakchisi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etdi.
Intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, kartoshka, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan agrokooperatsiya dasturini amalga oshirish shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, “Andijon-O‘sh-Irkishtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini to‘liq ishga solish, shu maqsadda qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi. Muzokaralarda energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.






