O'zbekiston va Qirg'iziston Prezidentlari strategik sheriklikning dolzarb masalalari bo'yicha "vaqtlarini chamalab oldilar"

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Ko'ksaroy qarorgohida O'zbekiston va Qirg'iziston Prezidentlari o'rtasidagi muzokaralar tor doirada bo'lib o'tdi.
Uchrashuv boshida Prezident Shavkat Mirziyoev yana bir bor Sadir Japarovni Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi va uning qirg'iz xalqining tinch hayoti va farovonligini ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Prezidentlar tenglik va o'zaro manfaatdorlikka asoslangan strategik sheriklikni mustahkamlashga, shuningdek, ilgari qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirishga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar. Hamma sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish maqsadida eng yuqori darajadagi muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish to'g'risida kelishib oldilar. 
Shuningdek, 2017-yil 5-sentyabrda imzolangan O'zbekiston - Qirg'iziston davlat chegarasi to'g'risidagi shartnomaning tarixiy ahamiyati ta'kidlandi. Mamlakatlar o'rtasidagi qolgan chegara uchastkalari delimitatsiyasini eng qisqa vaqt ichida yakunlash uchun Hukumatlararo komissiyaga muzokaralarni faollashtirish topshirildi.
Qirg'iziston Prezidenti O'zbekistonning Markaziy Osiyoda kooperatsiya va integratsiyani mustahkamlash bo'yicha sa'y-harakatlarini, shuningdek, mintaqamiz davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o'tkazish bo'yicha mamlakatimiz tashabbusini qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar uchinchi uchrashuvni ushbu formatda 2021-yil davomida o'tkazish muhimligini ta'kidladilar.
Sadir Japarov Qirg'iziston delegatsiyasiga nisbatan samimiy mehmondo'stlikni namoyish etgan o’zbek xalqiga hamda samimiy qabullari uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi va davlatimiz rahbarini Qirg'iziston Respublikasiga tashrif buyurishga taklif qildi.