O‘zbekiston va Qozog‘iston o'rtasida «Ittifoqchilik shartnomasi» imzolanadi

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayev bilan ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirilgan muzokaralarda ma'lum qildi.

Shavkat Mrziyoyev O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining barcha yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini ta’kidlab, bugun muhim hujjatlar imzolanishi haqida gapirdi:

«Bugun ikkita tarixiy hujjatni imzolaymiz. Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga javob beradigan hamda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlaydigan Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etmoqchiman.

Ittifoqchilik – davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi, o‘zaro ishonch belgisi. Shu bilan umumiy kelajagimizni birgalikda qurishga intilishimizni tasdiqlayapmiz.

Davlat chegaralarini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma aloqalarimiz mustahkamligidan dalolat beradi, mintaqada tinchlik va xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi. Chegaralarimiz doimo do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozog‘iston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi.

«Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozog‘iston va O‘zbekiston mustahkam, uyg‘un munosabatlarni yo‘lga qo‘ydilar», - dedi Qasim-Jomart Toqayev.