O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi strategik harbiy hamkorlik

Avval xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri amaliy tashrif bilan O'zbekistonda. Sergey Shoygu Buxoroda o'zbekistonlik hamkasbi Bahodir Qurbonov bilan muzokaralar olib bormoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar mamlakatlar o'rtasida harbiy sohada 2021-2025 yillarga mo'ljallangan strategik sheriklik dasturini imzoladilar, - deya xabar berdi RF Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu.

"Uning (strategik sheriklik dasturi. - tahr.) amalga oshirilishi o'zaro aloqalarni yanada tizimlashtirish, o’ziga xos munosabatlarimizning ruhiga mos bo’lgan yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi. Bunday hujjat birinchi marta ishlab chiqilmoqda. Men bugun uni tasdiqlashni taklif qilaman", - dedi Shoygu o'zbekistonlik hamkasbi Bahodir Qurbonov bilan chorshanba kuni Buxoroda bo'lib o'tgan muzokaralarda.

Hurmat va do'stlik belgisi sifatida Shoygu O'zbekiston harbiy delegatsiyasini "Rossiya Mudofaa vazirligining bu yilgi muhim voqealariga" - Xalqaro xavfsizlik bo'yicha to'qqizinchi Moskva konferensiyasiga, “Armiya” Xalqaro harbiy-texnik forumiga va Xalqaro armiya o’yinlariga taklif qildi.

Shoygu ta'kidlaganidek, O'zbekiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi strategik sherigidir.

«Bizning davlatlarimiz ko'plab sohalarda, shu jumladan xavfsizlik sohasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Bugun chaqiriqlar va tahdidlarga, xususan xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashish muhimdir", - dedi vazir.