O'zbekiston va Saudiya Arabistoni hukumatlari turistlar oqimini 100 mingtaga yetkazmoqchi

O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi va Saudiya Аrabistoni Qirolligi Turizm vazirligi o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashinuv Memorandumi imzolandi.
Turizm sohasida o‘zaro foydali hamkorlik va do‘stona aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga, tenglik, o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan mazkur Memorandumda quyidagilar aks etdi:
o‘zaro turistlar oqimini 100 ming kishiga yetkazish;
turistlarni jalb qilish uchun o‘zaro madaniy, sivilizatsion va tarixiy meʼrosdan foydalanishga targ‘ib qilish;
mavjud turistik yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish va yangi turistik yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, guruh va individual turizmning har xil turlarini kengaytirish;
tabiiy resurslar va madaniy boyliklarni turistik diqqatga sazovor joylar sifatida saqlash;
mehmonxona, turistik kurortlar va turistlarni joylashtirish obyektlarini ularning samaradorligini tekshirish mexanizmlarini faollashtirish bilan boshqarish;
turistik tadbirlar va safarlar tashkillashtirish;
turizmni rivojlantirish uchun investitsiyalar kiritish;
kichik va o‘rta turistik tashkilotlarni, turistik saytlarni rivojlantirish.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra tomonlar OАVda chop etilgan maqolalar, filmlar va turistik eksponatlarni o‘zaro almashadilar. Ekspertlar va turizmga ixtisoslashgan OАV vakillari uchun o‘zaro sayohatlar tashkillashtiriladi.
Memorandumda qo‘shma turistik faoliyatni tashkil etish, har ikki davlatda tashkil etiladigan ko‘rgazma, konferensiya va simpoziumlarda qatnashish ham ko‘zda tutilgan.






