O‘zbekiston va Turkiya fuqarolariga jazoni o‘z vatanlarida o‘tash imkoni beriladi

Joriy yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya bilan mahkumlarni topshirish bo‘yicha hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tgan yilning oktabr oyida qabul qilingan, dekabr oyida esa Senat tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullangan edi. Bitim imzolanishi 2022 yilning 30 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston va Turkiya fuqarolariga jazoni o‘z vatanlarida o‘tash imkonini beradi. Mazkur qonunning qabul qilinishi fuqarolar huquq va manfaatlarini yanada samarali himoya qilish bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.






