O'zbekiston va Turkmaniston ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirmoqchi

Joriy yilning 7-sentabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o'rinbosari Botir Atdaev bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida Turkmaniston Prezidentining joriy yilning iyul oyida O'zbekistonga davlat tashrifidan so'ng yangi dinamikaga ega bo'lgan ikki mamlakat o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishi ta'kidlandi.
O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida 2022-2025-yillarga mo'ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini amalga oshirishni nazarda tutgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, joriy yil oxirigacha savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha o'zbek-turkman Qo'shma komissiyasining navbatdagi 17-yig'ilishini o'tkazish imkoniyatini ko'rib chiqdilar.
Ikki mamlakat o'rtasidagi investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko'rib chiqildi. Bugungi kunda O'zbekistonda Turkmaniston kapitali asosida tashkil topgan 173 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda, shundan 69 tasi qo'shma va 104 tasi yuz foiz xorijiy kapitalga ega korxonadir. Ikki mamlakat hududida tayyor to'qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qo'shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, yengil avtomobillar va qishloq xo'jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga, shuningdek, Turkmanistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni birgalikda yo'lga qo'yishga o'zaro qiziqish bildirildi.






