O'zbekiston vakillari ilk bor UN ESCAP Texnologiyalar Transferi bo'yicha Boshqaruv Kengashiga Raislik qiladi

Joriy yilning 6-8-dekabr kunlari Tailand Qirolligining Bankok shahrida BMT binosida Osiyo-Tinch okeani hududi Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi Texnologiyalar Transferi Markazi tomonidan tashkilotga a'zo mamlakat vakillari ishtirokida 18-Boshqaruv Kengashi majlisi (General Council meeting) tashkil etildi. Unda O'zbekiston vakillari sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar Milliy Ofisi Bosh direktori Olimjon To'ychiyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Boshqaruv Kengashi oldidan an'anaga ko'ra Kengash raisi saylovi bo'lib o'tdi. Unda ko'pchilik ovozi bilan keyingi bir yil muddatga O'zbekiston vakillari Rais sifatida saylandi.
Boshqaruv Kengashi majlisini BMT Bosh Kotibi o'rinbosari Dr. Armida Alisabana hamda Boshqaruv Kengashi raisi Olimjon To'ychiyevlar ochib berdi. Boshqaruv Kengashi majlisida a'zo mamlakatlar tomonidan o'tgan davrda amalga oshirilgan ishlarni tinglash bilan birgalikda, tashkilotning 2023-2027-yillarga mo'ljallangan Strategik Rejasi muxokama qilinib a'zo mamlakatlar tomonidan qabul qilindi.
Endilikda texnologiyalar transferini amalga oshirishda avvalambor texnologiyalarning atrof muhitga ta'siri ham energiya tejamkorlik darajasi chuqur o'rganilib, tegishli xulosa asosida joriy qilinadi.
Shuningdek, Boshqaruv Kengashi a'zolari so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli isloxotlar, xususan innovatsiyalar soxasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan yaqindan tanishdi hamda Majlis so'nggida keyingi Boshqaruv Kengashi yig'ilishi O'zbekistonda o'tkazilishiga kelishib olindi.
Majlis so'nggida Olimjon To'ychiyev BMT Bosh Kotibi o'rinbosari, BMT OTIIK raisi Dr. Armida Alisabana bilan muzokaralar o'tkazib kelgusida O'zbekistonda amalga oshiriladigan hamkorlik masalalari va bugungi kundagi imkoniyatlar masalasida fikr almashildi.






