O'zbekiston xavfsizlik indeksida 104-o‘rinda qayd etildi

“Numbeo” taxliliy xizmati jinoyat darajasi bo‘yicha davlatlarning 2023-yilgi reytingini e'lon qildi. Unda O‘zbekiston 142 mamlakat ichida 104-o‘rinni egallagan. Qatar esa dunyodagi eng xavfsiz davlat deb topilgan.

Xususan, Qatar reytingda 142-o‘rinni qayd etgan. Mamlakatda jinoyatchilik indeksi 14,15 ballni, xavfsizlik esa 85,85 ballni tashkil qilgan. MDH davlatlari orasida Qozog‘iston (48-o‘rin), Belarus (34-o‘rin) va Qirg‘izistonda (38-o‘rin) yuqori jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, Moldova (63-o‘rin), Rossiya (94-O‘rin) va O‘zbekiston xavfsizroq deb topilgan. O‘zbekistonning reytingidagi jinoyatchilik indeksi 33,5 foizni, xavfsizlik indeksi esa 66,5 foizni tashkil etgan.

"Eng jinoyatchi" davlatlar ro’yxatida Venesuyela (1-o‘rin), Papua-Yangi Gvineya (2-o‘rin) va Afg‘oniston (3-o‘rin) hisoblangan. Reytingda Germaniya 100-o‘rinda ko’rsatilgan bo’lsa, Turkiya 93-o‘rinda qayd etilgan.

Eslatib o’tamiz, jinoyat darajasi bo‘yicha 2022-yilgi reytingida ham O‘zbekiston jinoyatchilik ko‘rsatkichida 142 ta davlat ichida 104-o‘rinni egallagan edi.

Qayd etilishicha, reytingda yuqori o‘rinni egallagan davlatlarda jinoyatchilik yuqori, quyi o‘rinlarda esa past, ammo xavfsizlik yuqori bo‘ladi. Indeks so‘rovlar asosida mamlakatdagi umumiy jinoyatchilik darajasini baholaydi.