O'zbekiston YETTB bilan birgalikda qiymati 1,8 milliard dollarlik 21 ta loyihani amalga oshirmoqda

7 iyun kuni Sardor Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) birinchi vitse-prezident Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muzokarada shuningdek, ITSV huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va O‘zbekistonning bir qator tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi, loyihalarni rivojlantirish jarayoni va hamkorlikning hozirgi holati muhokama qilindi.

Yurgen Rigterink mamlakatdagi islohotlarni yuksak baholadi va hamkorlikni mustahkamlash va yangi loyihalarga sarmoya kiritish tayyorligini ta'kidladi.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning borishini batafsil muhokama qildilar. Jumladan, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda energetika, infratuzilma va uy-joy qurilishi kabi sohalarda YETTB bilan birgalikda 1,8 mlrd. dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilayotganligi va ishlab chiqilayotganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, “Namangan viloyatining Chust, Pop va Namangan tumanlarida suv ta’minotini hamda Chust va Mingbuloq tumanlarida oqova tizimlarini yaxshilash” loyihasini joriy etish uchun 70 mln dollar miqdorida qarz bitimi imzolandi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga Namangan viloyatining Chust, Namangan va Pop tumanlarida istiqomat qilayotgan 170 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Investitsiyalar 115 ming yangi foydalanuvchini suv tarmoqlariga ulash imkonini beradi. Yangi infratuzilma tufayli suv yo'qotilishi yiliga 0,6 million kubometrga kamayadi.