O'zbekiston – Bangladesh: o'zaro savdo rivoji

29-iyul kuni O'zbekiston hukumati delegatsiyasining Bangladesh Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida Dakka shahrida Bosh vazir o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Bangladesh savdo vaziri Tipu Munshi bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini qamrab olgan samimiy muloqot jarayonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga alohida e'tibor qaratildi.

Investitsiyaviy hamkorlik doirasida qo'shma korxonalar tashkil etish orqali sanoat kooperatsiyasini faollashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu, o'z navbatida, keyinchalik ishlab chiqarilayotgan yo'qori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga ilgari surishga imkon beradi.

Qishloq xo'jaligi Bangladeshdagi eng yirik bandlik sektori bo'lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 14,2 foizini tashkil etadi. Ushbu yo'nalishda tomonlar hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarni ko'rmoqdalar. Xususan, suhbat chog'ida so'z meva va sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, qadoqlash va yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga mo'ljallangan ishlab chiqarish quvvatlarni yaratish haqida bordi.

Uchrashuv davomida transport va logistika, mamlakatlar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovini tiklash, to'qimachilik, charm va farmatsevtika sanoatida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Bangladesh to'qimachilik universiteti (BUTEX) ning O'zbekistonda filialini ochish istiqbollari muhokama qilindi.