O'zbekiston – Latviya: o'zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari

Joriy yilning 19-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Latviya hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida O'zbekistonda bo'lib turgan Latviya Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri Kaspars Gerxards bilan uchrashuv o'tkazdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o'rtasida qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, investitsiyalar, savdo, transport va logistika, shuningdek, boshqa ustuvor yo'nalishlar bo'yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.

Tomonlar qishloq xo'jaligi investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish va ikki tomonlama savdo hajmini oshirishning ustuvor yo'nalishi bo'lishi mumkinligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

Shuningdek, Latviyada O'zbekistonning 50 ta eksport qiluvchi kompaniyalari vakillari ishtirokida “Made in Uzbekistan” savdo missiyasini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Missiyaning faoliyati davomida O'zbekistonning oziq-ovqat, kimyo, to'qimachilik, charm, vino, farmatsevtika va turizm sohalaridagi ishlab chiqarish va eksport salohiyati namoyish etiladi. Bundan tashqari, o'zbek tadbirkorlari Boltiqbo'yi mamlakatlari ishbilarmon doiralari vakillari bilan B2B muzokaralarida, “Riga Food 2022” xalqaro oziq-ovqat ko'rgazmasida va Rigadagi O'zbekiston-Latviya biznes forumida ishtirok etadilar.