O'zbekiston – Vengriya: universitetlararo taʼlim dasturlarini kengaytirish

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining Vengriyada nufuzli oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvlari doirasida, Debretsen universiteti rektori Zoltan Silvashi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda, ikki davlat universitetlariaro hamkorlik aloqalari va munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston oliygohlarida Debretsen universitetidagidek taʼlim darajasi va sifatni taʼminlash tajribasi muhim etib belgilangandi, joriy oʻquv yilidan barcha imkoniyatlar shu maqsadga safarbar qilingani taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, professor Silvashi bu maqsadni osonlashtirish va tezlashtirish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Muloqot davomida vazir rejalarda Toshkent shahrida oʻziga xos ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish ishlari boshlangani, bu markaz taʼlim, fan va ishlab chiqarishni bir-biri bilan bogʻlaydigan kimyo sanoati uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Unda Debretsen universiteti bilan taʼlim dasturlarini kengaytirib borish ko’zda tutilgani ta’kidlandi.

P.S. Eng qadimiy Debretsen universiteti Debretsendagi eng yirik taʼlim muassasasi va Vengriyadagi yetakchi universitetlardan biri sanaladi. Undagi 14 ta fakultetda 120 dan ortiq davlatdan 7 mingdan ortiq chet ellik talaba tahsil oladi.

Taʼlim maskani Vengriyaning “tadqiqot universiteti” unvoniga ega 5 ta eng yaxshi taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, 2014/2015-oʻquv yilida tibbiyot sohasidagi eng yaxshi jahon universitetlari reytingiga kiritilgan. Shuningdek, Debretsen universiteti Yevropa universitetlari xalqaro assotsiatsiyasi aʼzosi sanaladi.