Oʼzbekiston – BАА: Zamonaviy oqova suv tozalash inshootlari barpo etiladi

Tabiat resurslari vazirligida Birlashgan Аrab Аmirliklarining “Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasining loyihalash boshqarmasi va maslahat kengashi vakillari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Tabiat resurslari vazirligi Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi masʼullari, Аtrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi vakillari ishtirok etgan uchrashuvda Surum oqova suv tozalash inshootini qurish boʼyicha amalga oshiriladigan loyiha doirasida ishlab chiqiladigan texnik-iqtisodiy asoslar muhokama qilindi.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, Toshkent shahar hududidagi Bektemir va Salar oqova suv tozalash inshootlarini poytaxtdan tashqariga koʼchirish, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida yangi zamonaviy oqova tozalash stantsiyasini qurish, Bektemir, Sergeli, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlari aholisi va sanoat korxonalaridan hosil boʼlayotgan oqova suvlarni tozalash, oqova tarmoqlari xizmati bilan qamrash uchun oqava suv tarmoqlari qurilishi boʼyicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda “Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasi vakillari tomonidan suv standartlarini aniqlashda texnik tadqiqotlar oʼtkazish va oqova suvlarni tozalash meʼyorlari boʼyicha qo’llanib kelinayotgan boy tajribasidan samarali foydalanish hamda bu borada hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.






