O‘zbekistonda 1-martdan AI-80 benzini narxi ko‘tariladi

1-martdan O‘zbekistonda import qilinadigan va mahalliy AI-80 rusumli benzinga aksiz solig‘ining nol stavkasi tugaydi. Shu munosabat bilan ushbu yoqilg'i narxining oshishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatining cheklanishi va benzinga bo‘lgan talabning o‘sishi munosabati bilan, dekabr oyida Prezident qarori bilan import qilinadigan va mahalliy AI-80 rusumli benzinga aksiz solig‘i hamda uning chakana savdosidan aksiz solig‘i undirilishi vaqtincha bekor qilingandi. Ushbu chora 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martgacha joriy qilingan.

Ma’lumot uchun: 1-dekabrdan 12-dekabrgacha bir tonna AI-80 benzinining o‘rtacha ayirboshlash narxi 8,09 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 13-dekabrdan aksiz solig‘i nolga tenglashtirilgach, u 6,29 million so‘mga tushdi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar 6800-7500 so‘mdan 5700-6000 so‘mga tushgan edi.