O'zbekistonda 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjudligi aniqlangan

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda ko'mir qazib olish ko‘rsatkichi yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O'zbekistonda qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud. Davlat rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, ko‘mir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qo‘ygan edi.

Ta'kidlanishicha, joriy yilda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasi yakunlanadi. Buning evaziga yuqori sifatli ko‘mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.

Prezident “Sharg‘un” va “Boysun” konlarini o‘zlashtirish orqali yuqori sifatli ko‘mir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, 2022-yil 14- iyulda “Navoiyuran” davlat korxonasida uran qazib chiqarishni 2030- yilgacha 2 barobarga oshirib, 7,1 ming tonnaga yetkazish choralari belgilangan.

Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, Prezident ushbu hamkorlik doirasida uran qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, qo‘shimcha yangi konlarni aniqlash bo‘yicha loyihalar yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.