O'zbekistonda 3 yilda sayyohlar soni 2,5 barobarga oshdi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasini tahlil qildi.
Turizm milliy iqtisodiyotning "o‘sish nuqtalaridan" biriga aylandi. U turizmga aloqador boshqa tarmoqlarni rivojlantirish uchun drayver bo‘lib, yuqori multiplikativ ta’siri bilan daromadlarning ortishiga xizmat qiladi. Turizm O‘zbekiston sharoitida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda ham muhim omil hisoblanadi.
Turizmni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar tufayli uch yil ichida sayyohlar soni 2,5 barobar oshdi. Agar 2017-yilda ularning soni 2,7 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019-yilda 6,7 million nafarga yetdi. 2020-yilda pandemiya tufayli 1,5 million, 2021-yilda esa qariyb 1,9 million xorijiy sayyoh yuritimizga keldi.
Turizm xizmatlari eksporti 2020-yilda 370 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 15,1% oshib, 422,1 million AQSH dollariga yetdi. 2022-yilda jami 4,5 million sayyohning kelishi, buning hisobiga turizm xizmatlari eksporti sezilarli darajada ortishi kutilmoqda.






