O'zbekistonda 5 yil ichida kartoshka hosildorligini 30 foizga ko'paytirish rejalashtirilgan

Iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi hosildorligiga salbiy ta’siri ikki yuqori sifatli ekin qurg‘oqchilik va tuproqning sho‘rlanishi ortgan stressli sharoitlarga chidamli kashtoshka va shirin kartoshka (batat)ning yangi navlarini yaratish va tarqatish zaruratini keltirib chiqardi.
2021-yil 27-may kuni O‘zR Tashqi ishlar vazirligi CIP markaziga O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tganini tasdiqlovchi sertifikatini berdi.
O'zbekistonda shu maqsadda joriy yilda CIP (kartoshka sohasidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkiloti) bilan hamkorlikda Kartoshkachilik ilg‘or tadqiqotlar va ishlanmalar markazi ochilyapti.
«Yaqin 5 yillik ichida CIPning O‘zbekistondagi vazifasi - kartoshka va shirin kartoshka sohasida ilg‘or tadqiqotlar va ishlanmalar markazini yaratishdan iborat. Kutilayotgan natija — kartoshka hosildorligining kamida 30 foizga ortishi, bunda qiymat zanjirida CIP faoliyati fermerlar foydasini kamida 15 foizga oshiradi», - dedi CIPning Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha vakili Rusudan Mdivani.
Ta'kidlash joizki, ushbu markaz hosildorlikni oshirish va eksport uchun sharoitlar yaratish hisobiga mamlakatimiz kartoshka sektorining transformatsiyasiga turtki beradi. Shuningdek, mazkur muassasada kartoshka yetishtirish bo'yicha yetakchi xalqaro mutaxassislar ishtirokida mahalliy fermerlarga treninglar o'tkaziladi.






