O'zbekistonda Chevrolet Tracker-2023 ishlab chiqarilmoqda

O’zbekiston, Xitoy va Braziliyadan keyin eksport bozorlarida eng talabgir, Braziliya, Meksika va Filippinda eng ko’p sotiladigan krossover Chevrolet Tracker-2023 avtomobilini ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan uchinchi mamlakatga aylandi.

2022-yilning 18-iyulida “UzAuto Motors” AJ Asaka shahridagi zavodida Chevrolet Tracker-2023 avtomobilini ishlab chiqarishni boshladi.

Avtomobilni GM GEM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Bu Asaka avtomobil zavodini modernizatsiya qilish va mahalliy yetkazib beruvchi hamkorlar tomonidan ishlab chiqarishga yo’naltirilgan sarmoyalar tufayli amalga oshirildi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 620 million dollardan ortiq.

Birinchi bosqichda platformaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 000 dona Chevrolet Tracker avtomobilini tashkil etadi.

Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida Asaka zavodida lazer va plazmali payvandlash, kuzovni lazer bilan o'lchash kabi yangi texnologiyalar o’zlashtirildi, shuningdek, zavod va butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilarda ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors Powertrain zavodida Chevrolet Tracker avtomobillarini jihozlashda foydalaniladigan zamonaviy va tejamkor 1,2 hajmli, uch silindrli CSS Prime turbodvigatellarni ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Yangi dvigatel Xitoydan olib kelinadigan 125 ot kuchiga ega Tracker avtomobillari dvigatelidan kuchliroqdir. Yangi Tracker quvvati 132 ot kuchiga ega.

Birinchi bosqichda Chevrolet Tracker 3 ta asosiy: LS, LT va Premier komplektatsiyalarda ishlab chiqariladi. Avtomobillar sotuvi joriy yilning 30-avgust sanasidan boshlanishi rejalashtirilgan.