O'zbekistonda Koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligida O'zbekiston Respublikasida koronavirusga qarshi vaktsinalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda O'zbekiston va Xitoy vakillari ZF-UZ-VAC-2001 vaktsinasini O'zbekistonda ishlab chiqarish istiqbollarini muhokama qildilar.

Xitoyning Anhui Zhifei Longcom biofarmatsevtika kompaniyasi bosh muhandisi Van Chji Szyun O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlari mazkur vaksinani ishlab chiqarish talablariga to‘liq muvofiq ekanligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bilan O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda va mintaqadagi o‘rnini inobatga olgan holda qisqa muddatlarda vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishildi. Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda oyiga 10 million doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 million dozaga qadar olib chiqish mumkinligi bo‘yicha fikr almashdi.

Bundan tashqari, Xitoy tomoni bilan yaqin kelajakda vaksina ishlab chiqarish texnologiyasi transfer qilinishiga kelishildi.