O'zbekistonda Mo‘g‘uliston elchixonasi ochiladi

8-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi TIV rahbari Baxtiyor Saidov Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg bilan uchrashdi.

Xabar berilishicha, uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat Prezidentlarining 2022-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish, TIVlararo maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazish, savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va qo‘shma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

«Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Battsetseg Xonim Oliyalarini Toshkentda kutib olib, Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabrikladik. Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistonda elchixonasini ochish qarorini olqishlaymiz. So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar istisnosiz barcha sohalarda ijobiy sur'at ko‘rsatmoqda» - deb yozadi O'zbekistonb TIV rahbari Baxtiyor Saidov ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida.

Shuningdek, uchrashuvda qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston ishchi guruhi va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalalarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.