O'zbekistonda Paralimpiya o'yinlarini rivojlantirish vazifalari belgilandi

Bugun Toshkentda "Sport hamma uchun" loyihasi doirasida "Jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarni paralimpiya sport turlari bilan keng qamrab olish, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va jamiyatga integratsiya qilish" mavzusidagi konferentsiya bo'lib o'tdi.

Tadbirda Osiyo Paralimpiya qo'mitasi, Turizm va sport vazirligi, O'zbekiston Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo'mitalari hamda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati ishtirok etdi.

Konferentsiyani O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Osiyo Paralimpiya qo'mitasi prezidenti Majid Abdulla Murshed Rashidga yoʻllagan tabrik soʻzi bilan ochib berdi.

O'z navbatida, OPQ prezidenti Majid Abdulla Murshed Rashid O'zbekistonda sportni rivojlantirish, shuningdek, paralimpiya o'yinlari sohasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Konferentsiya yakunida iqtidorli sportchilarni saralash, ularning musobaqalarda qatnashishi uchun sharoit yaratish, shu bilan 2025 yilda o'smirlar o'rtasida bo'lib o'tadigan Paralimpiya o'yinlari uchun O'zbekiston terma jamoasining zaxira tarkibini to'ldirish maqsadi qo'yildi.