Oʼzbekistonda qancha maktab bitiruvchilari ID-karta olmagan?

Maʼlum qilinishicha, bugungi kunga qadar 2022/2023 oʼquv yilida Oʼzbekistondagi maktablarni tamomlayotgan 390 mingdan ortiq oʼquvchining 16 yoshga toʼlgan 129 ming (33 foiz) nafari ID-karta (pasport) olmaganligi sababli ularning maʼlumotlari elektron bazaga kiritilmagan.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o'z vaqtida pasport (ID-karta) olishlarini so'radi.

“Ma’lumki, abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tegishli hujjatlarni onlayn topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini ABITUR elektron dasturiga kiritish talab etiladi. Shuning uchun 16 yoshga to‘lgan har bir bitiruvchi o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishi zarurligini eslatib o‘tamiz.

Ushbu jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron ma’lumotlar bazasi Bilim va malakalarni baholash agentligining ABITUR elektron dasturi bilan integratsiya qilingan”,- deya qayd etilgan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi xabarida.