Oʼzbekistonda qurilayotgan uylar zilzilalarga bardosh bera oladimi?

Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligining qayd etishicha, qurilishlar hududning belgilangan seysmik baliga koʼra (7, 8, 9) rejalashtirilgan holda loyihalashtiriladi. Ekspertiza organlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda obyektning loyiha smeta hujjatlari, yigʼma ekspertiza xulosasi olinadi.

“Shaharsozlik kodeksining 5-bob, 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qoʼyilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik koʼrish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qatʼiy nazorat qilinadi. Shuningdek, obyektni foydalanishga qabul qilib olish davrida shaharsozlik toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va qoidalari talablariga rioya etilishi tekshiriladi.

Obyektlarni qurish chogʼida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati boʼlishi talab etiladi. Belgilangan qonunchilikka koʼra, bino va inshootlarning zilzila bardoshliligiga taʼsir qiluvchi, shuningdek, fuqaro hayoti va sogʼligʼiga tahdid soluvchi konstruktiv qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda qurilish-montaj ishlari toʼxtatib qoʼyiladi. Shu bilan birga demontaj ishlari amalga oshirilishi talab qilinadi.

Agar sifatsiz qurilish materiallari, konstruktsiyalar hamda buyumlar qoʼllanilgan boʼlsa, ularni ishlab chiqarishni, realizatsiya qilish hamda qoʼllashni toʼxtatib turish haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuboriladi.

Bu jarayonlarda qurilishda nazorat inspektsiyasi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ekspertlari ishtirokida davlat nazorati tartibida tekshiruvlar oʼtkaziladi.

Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qoʼyilgan",- deyiladi Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi bayonotida.