O'zbekistonda Wildberries savdo-logistika majmuasi quriladi

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev eng yirik xalqaro marketpleyslardan biri hisoblangan Wildberries kompaniyasi asoschilari Vladislav va Tatyana Bakalchuklarni qabul qildi.

Uchrashuvda Rossiya kompaniyasi rahbariyati hamda O'zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida Rossiya Federatsiyasi bilan o'zaro savdodagi tovar guruhlari tarkibida sifat jihatidan katta o'zgarish ro'y bergani va bugungi kunda ularning 70% yuqori qo'shilgan qiymatga ega tovarlar ekanligi qayd etildi.

Tayyor o'zbek mahsulotlarini marketpleys orqali sotish uchun kompaniyaning logistika kompleksini O'zbekistonda tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Toshkent shahrida barcha tegishli xizmatlarni ko'rsatuvchi Wildberries logistika majmuasini, shuningdek, tovarlarni ro'yxatga olish tartibini soddalashtirish uchun bojxona va sertifikatlashtirish organlarining "yagona oyna" xizmatlariga ega saralash markazini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Loyihaning umumiy qiymati 130 million dollarni tashkil etadi. Loyiha ishga tushishi bilan 5000 ta yangi ish o'rni yaratiladi. Shu nuqtai nazardan, marketpleys orqali sotishga chiqarish uchun birinchi bosqichda o'zbek ishlab chiqaruvchilari tomonidan 900 million dollardan ortiq to'qimachilik mahsulotlari, 121,5 million dollarlik charm mahsulotlari, 172,2 million dollarlik maishiy elektrotexnika buyumlari hamda 382,5 million dollarlik qurilish materiallari yetkazib berishga tayyorlik bildirildi.